2025-yil 24–28-noyabr kunlari Samarqand yana bir bor dunyo ilm-fani e’tiborini o‘ziga qaratdi. Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan “Tibbiy kimyo va biotibbiyot materialshunosligi – 2025” xalqaro simpoziumi tibbiyot va biotibbiyot rivojidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi.
Jahon banki PRIM grant dasturi doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy-amaliy markazi va Akademik I.P. Pavlov nomidagi birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilyotgan simpoziumda Respublikamiz bilan bir qatorda Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniyadan ham soha vakillari ishtirok etdi.
Simpoziumning aynan Samarqand davlat tibbiyot universitetida tashkil etilgani bejiz emas. Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasiga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida universitetda yosh olimlar, izlanuvchilar va tadqiqotchilar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Universitet huzuridagi ilmiy-amaliy markaz ham xorijdagi nufuzli ilmiy va tibbiy muassasalar bilan hamkorlikni izchil yo‘lga qo‘yib kelmoqda.
Har yili dunyoning yetakchi universitetlarida o‘tkazib kelinadigan mazkur anjumanning 2025-yilda Samarqandga tashrif buyurishi xalqaro ilmiy doiralar tomonidan iliq qarshi olindi. Simpozium o‘z miqyosi, tashkiliy darajasi va ilmiy mazmuni bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Simpozium ochilishida so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev tashkil etilgan anjumanning tibbiy kimyo hamda biotibbiyotni rivojlantirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Anjumanda yuzdan ortiq akademiklar, professorlar va soha mutaxassislari qatnashib, zamonaviy tibbiyot kimyosi, biomateriallar va genomika yo‘nalishlaridagi eng so‘nggi ilmiy ishlanmalar bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etdilar.
Ishtirokchilar besh kun davomida nafaqat mazmunli, ilmiy jihatdan muhim ma’ruzalarda qatnashdilar, balki Samarqandning betakror tarixi, boy madaniyati va milliy an’analaridan ham bahramand bo‘ldilar. Mehmonlar shaharning ilmiy taraqqiyot va ma’naviy meros uyg‘unlashgan muhitini yuksak baholadilar.
Xalqaro simpoziumning asosiy maqsadi — xorijiy olimlarning ilg‘or ilmiy tajribalari bilan tanishish, o‘zaro fikr almashish va qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.















