Joriy yilning 17-may kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy-amaliy markazi tomonidan "Klinik, fundamental immunologiya va genetikaning dolzarb masalalari - 2025" ilmiy-amaliy forumi tashkil etildi.
Forum ochilishida so‘zga chiqqan ilmiy-amaliy markaz direktori, professor Dilafro‘z Xolmurodova mazkur anjumanning immunologiya va inson genomikasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni yanada takomillashtirish, keng tarqalgan kasalliklarning immunodiagnostikasi, immunoprofilaktikasi va immunoterapiyasida innovatsion texnologiyalarni yaratish, shuningdek, mazkur sohada yuqori malakali mahalliy ilmiy kadrlarni tayyorlashni yanada takomillashtirishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Forum doirasida “Genetikani rivojlantirish sog‘lom kelajak poydevori”, “Biotibbiyotda uglerod nanomateriallari”, “Bolalarda nafas yo‘llari kasalliklarining genetik omillari”, “Tibbiyot uchun bioortogonal klik-reaksiyalar” kabi bir qator dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar qilinb, o‘zaro fikr almashildi.