O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 15-mayida qabul qilingan “2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori doirasida ekologik va ekologiyaga bog‘liq bo‘lgan tibbiy mavzularda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish va soha rivojini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy-amaliy markazi tashabbusi bilan "Iqlim o‘zgarishi. Ekologiya. Allergiya" mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy-amaliy markazi hamda Xalqaro molekulyar allergologiya markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda Respublikamiz bilan bir qatorda Rossiya, Xitoy, Koreya kabi mamlakatlardan mutaxassislar ishtirok etdi.
Anjuman doirasida global iqlim o‘zgarishlari va ularning inson salomatligiga ta’siri, allergologiyaning dolzarb muammolari, shuningdek, sohada qo‘lga kiritilgan qator yutuqlar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.