Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasining Janubiy Koreyaga safari davomida bir qancha manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Jumladan, universitet rektori Jasur Rizayev boshchiligida Hanyang Universitetiga qarashli raqamli tibbiyot texnologiyalari va ularning amaliyotlarini rivojlantirishga ixtisoslashgan HYU Digital Healthcare Center (HY-DHC) ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif amalga oshirildi.
Tashrif davomida SamDTU rektori Jasur Rizayev hamda Hanyang Universiteti prezidenti Ki Chjon Li o‘rtasida o‘zaro hamkorlik masalalariga qaratilgan memorandum imzolandi.
Shuningdek, SamDTU huzuridagi Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy-amaliy markazi va HYU Digital Healthcare Center (HY-DHC) ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida ham zamonaviy genetik, diagnostik tibbiy texnologiyalarni jalb qilish va raqamli tibbiyotni rivojlantirish borasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Janubiy Koreyaning yetakchi tibbiyot muassasalari bilan bu kabi keng qamrovli hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi nafaqat Samarqand davlat tibbiyot universiteti uchun, balki, butun Respublikamiz sog‘liqni saqlash tizimi uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.